Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda norasmiy bandlik holatini tahlil qildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda jami iqtisodiy faol aholi 14,98 million kishini tashkil qilgan. Undan jami 13,7 million kishi ish bilan band bo‘lib, ularning 6,5 million (47 foiz) rasmiy sektorda band.

Iqtisodiy faol aholi bu iqtisodiyotda band bolganlar va ishsizlarni o‘z ichiga oladi. Bunga talabalar, bola parvarishi bilan dekret ta’tilida o‘tirganalar va o‘z xohishiga ko‘ra ishlamaydiganlar kirmaydi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jami norasmiy sektorda band bo‘lganlarning eng katta ulushi, ya’ni 34 foizi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida mehnat qiladi. Xuddi shu ko‘rsatgich savdoda 14 foiz, qurilishda 14 foiz va sanoatda 11 foizni tashkil etadi.

Norasmiy bandlar bu yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan korxonalarda ishlaydigan ishchilar. Ushbu toifaga mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ishlaydigan hufyona sektor vakillaridan tashqari, ro‘yxatdan o‘tmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘z-o‘zini band qilganlar va ularning ishchilari kiradi.

Tahlilda keltirilishicha, norasmiy sektorning kattaligi hukumatlarga iqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish va iqtisodiyotni tartibga solishda qiyinchilik tug‘diradi.

Norasmiy sektorda bandlar sohalar kesimida rasmiy sektorda bandlar bilan bir xil miqdorda ish haqi oladi deb faraz qilinsa 2022-yilning o‘zida 9 milliondan oshiq aholi norasmiy sektorda band bo‘lgani hisobiga davlat budjetiga soliq ko‘rinishida 32,9 trillion so‘m mablag‘ tushmagan.

budjet mablag‘larining yarmidan ko‘pi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi inobatga olinsa bu mablag‘ hisobiga:

  • 500 o‘quv o‘rinli 4 100 ta umumta’lim maktablari qurish yoki barcha hududlardagi ta’lim oluvchilarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish uchun mavjud 10 522 ta umumta’lim maktablarini moddiy-texnik bazasini zamonaviy o‘quv anjomlari bilan ta’minlash yoki;
  • 3 737 ta ambulator tibbiy muassasa qurish yoki;
  • sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy xodimlar oylik maoshini 7,8 million so‘mga yetkazish yoki;
  • umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik maoshini 7,2 million so‘mga yetkazish mumkin bo‘lardi.

“Tegishli soliqlarni to‘lamasdan biroz ko‘proq daromad olish orqali “yutish” bevosita boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdagi “yutqazish”ga olib kelmoqda”, — deyiladi tahlilda.

Eng muhimi, har birimizning rasmiy faoliyat yuritish borasidagi qarorimiz o‘zimizga va jamiyatga yuqoridagi kabi qator afzalliklar berishini, hayotimizni sifat jihatdan yaxshilanishiga hissa qo‘shishini yodda tutishimiz lozim.