Samarqand va Namangan viloyatlarida firibgarlik bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Davlat soliq boshqarmasi soliq nazorati bo‘limi bosh inspektori Pastdarg‘om tumanida faoliyat yurituvchi MCHJda o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan 2,5 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligini ushbu tekshiruvni o‘tkazgan hamkasbi orqali 1 mlrd so‘mga tushirib berish evaziga 15 ming dollar olgan bo‘lishi mumkin, uning pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Boshqa bir holatda esa Namangan shahridagi advokatlik firmasi advokati fuqaroning ma’muriy sudda ko‘rilayotgan mulkiy nizo bilan bog‘liq masalasini sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga pul olgani gumon qilinmoqda.

U 10 ming dollar, shuningdek, ko‘rilayotgan ish doirasida ekspertiza xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming dollar, jami 12 ming dollar talab qilib, oldindan 7 ming dollar olgan vaqtida ushlandi, — deyiladi xabarda.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28,211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.