Activist loyihasi muallifi, bloger Hojiakbar Nosirov 5-aprel kuni o‘zining Telegram kanaliga yogurt mahsulotlari savdosi bilan bog‘liq video joylagandi. Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi uning 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.

Gap shundaki, u joylagan videoda savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlari tarkibida karmin moddasi mavjudligi sababli harom ekani bois ularni iste’mol qilmaslik tavsiya qilingan.

O‘tkazilgan tekshiruv davomida Hojiakbar Nosirovning videorolikda keltirgan ma’lumotlari “tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirilgan”, deb topilgan.

“Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek, 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa, alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, — deyiladi xabarda.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

IIBB, bundan tashqari, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishini eslatib o‘tdi.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−3- (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan blogerga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.