Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham muhokama etildi, deya xabar qilmoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Ushbu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan olib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda.

Yalpi majlisda muzeylar sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan bo‘lsada, “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunida Agentlikning bu boradagi vakolati belgilanmagan.

Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoqligi, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etishi aytildi.

Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan bo‘lsada, ushbu fondga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.

Davlat katalogining elektron shaklini yaratish borasida muayyan ishlar olib borilgan. Biroq, Davlat katalogining bosma ma’lumotlari hali shakllantirilmagan.

Muzeylarga 2022-yil davomida tashrif buyurganlarning 75 foizi asosan 6 ta muzeyga, 25 foizi esa qolgan 43 ta muzey va ularning filiallari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

“Mazkur holat aksariyat muzeylarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi”, — deyiladi Senat xabarida.

Muhokama so‘ngida Madaniy meros agentiligiga qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yilgan parlament so‘rovini yuborish qarori senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.