Ellikqal’a tumanida kanaldan suv chiqishi oqibatida 8 gektar dalani suv bosgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea 6-aprel kuni Ellikqal’a tumanidagi “Qirqqiz” xo‘jaliklararo kanalining 222-piketi dambasidan suv chiqishi oqibatida kelib chiqqan. Shu sabab “Guliston” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qizilqum bulog‘i” fermer xo‘jaligining 8 gektar dala maydonini suv bosgan.

Holatni bartaraf qilish bo‘yicha tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan kanalga suv berish qismi yopilib, suv chiqqan qismi texnikalar yordamida ko‘milgan.

Dastlabki o‘rganishlarda, mazkur hududdagi fermer kanalga (loyihada ko‘rsatilmagan) o‘zboshimchalik bilan suv olish trubasini o‘rnatgani va o‘sha trubalar qo‘yilgan qisimdan suv sizib chiqishi natijasida kanal qirg‘og‘i yemirilib suv chiqqani aytilmoqda.

“Holat nazorat qiluvchi organlar tomonidan batafsil o‘rganilgach kanaldan suv chiqishiga nima sabab bo‘lgani yanada aniq bo‘lishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi vazirlik kanalida.