O‘zbekistonda tayyorlanayotgan charm mahsulotlari Janubiy Koreyaning yirik avtomobil zavodlarida ishlab chiqarilayotgan avtoulovlarda qo‘llanishi mumkin, deya xabar bermoqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi.

Bu haqda Janubiy Koreyadagi avtomobilsozlik korxonalari uchun charm mahsulotlarini yetkazib beruvchi Jin Myoong kompaniyasi bilan uchrashuv davomida so‘z borgan. Muloqotda O‘zbekiston tomoni mamlakatdagi 16 ta hududda kichik sanoat zonalari va ulardagi charmsanoatga oid loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar berdi.

JM kompaniyasi Janubiy Koreyadagi eng yirik charm ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. U yerda tayyorlanayotgan charm mahsulotlari asosan Hyundai, Kia, Toyota kompaniyalarining avtomobillariga yetkazib beriladi. Kompaniyaning yillik daromadi 250 mln dollarni tashkil etadi. 1 mlrd dollar evaziga barpo etilgan ishlab chiqarish korxonasi to‘liq Italiya va Germaniya texnologiyalari bilan jihozlangan.

Kompaniya Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochish va u yerda ishlab chiqariladigan charmni Janubiy Koreya bozoriga va avtomobilsizlik sohasidagi yirik kompaniyalarga yetkazib berish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirdi.

Bundan 10 yil oldin O‘zbekistonga borib, charm mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtirgan edik. Biroq o‘sha vaqtda logistikadagi uzilishlar, mahsulotlarning sifat talabiga javob bermasligi hamkorligimizni to‘xtatishga majbur qilgan edi. So‘nggi 6 yildagi o‘zgarishlar, „O‘zcharmsanoat“ uyushmasi bergan takliflar bizga ma’qul keldi. Muzokaralar yakuni bilan O‘zbekistondan birinchi bosqichda tayyor va yarim tayyor charmni xarid qilishni boshlaymiz. Ikkinchi bosqichda esa qo‘shma korxonani ishga tushiramiz, — dedi JM kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari.

Kompaniya delegatsiyasi aprel oyida Toshkentga tashrif buyurishi, mahalliy korxonalar bilan muzokaralar o‘tkazishi mumkin.