AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga 34 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Tramp 4-aprel, seshanba kuni Nyu-Yorkdagi Manxetten jinoiy sudiga keldi va ayblovlar e’lon qilinmaguncha hibsga olindi. Yarim soatdan keyin Tramp tinglov bo‘lib o‘tayotgan 15-qavatdagi majlislar zaliga ko‘tarildi. Taxminan bir soat o‘tgach, u sud binosidan chiqib, Floridadagi uyiga qaytgan.

Sud binosi yaqinida Trampning ko‘plab tarafdorlari va muxoliflari, shuningdek, jurnalistlar to‘plandi. Bino atrofi politsiya va Trampni qo‘riqlayotgan Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan o‘rab olindi.

Jurnalistlarning ko‘plab so‘rovlari va qiziqishlariga qaramay, sudya sud zalidan jonli efirga qilishga ruxsat bermadi. Faqat besh nafar fotosuratchiga sud jarayoni boshlanishidan oldin bir nechta surat olishga ruxsat berdi.

Donald Tramp AQShning jinoiy javobgarlikka tortilgan birinchi sobiq prezidentiga aylandi.

Trampning tergovi pornoaktrisa Stormi Danielsga u bilan bo‘lgan aloqa haqida gapirmaslik uchun pul to‘lash bilan bog‘liq. Ish materiallariga ko‘ra, 2016-yilgi saylovlar oldidan Tramp Danielsga u bilan bo‘lgan ishqiy munosabati haqida indamasligi uchun advokat orqali 130 ming dollar to‘lagan.

Bu to‘lov o‘z-o‘zidan noqonuniy emas edi, biroq Tramp va uning advokati buni yuridik xizmatlar uchun birinchi to‘lov sifatida amalga oshirgan va bu Nyu-York shtatida hujjatlarni soxtalashtirish hisoblanadi va qonun bo‘yicha jazolanadi.

Advokat Maykl Koen 2018-yilda uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq o‘sha paytdagi prezident bo‘lgan Trampga rasman ayblov qo‘yilmagan.

Tramp Stormi Daniels bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini qat’iyan rad etdi. U o‘zining ta’qib qilinishini siyosiy deb atadi va Manxetten sudidagi sud jarayoni adolatli bo‘lmasligini ta’kidladi.

Floridaga kelgach, Tramp tarafdorlari oldida 25 daqiqalik nutq so‘zlab, o‘zini mutlaqo begunoh va Amerikani “yo‘q qilishga intilayotgan” demokratlarning hiyla-nayranglari qurboni ekanini e’lon qildi.

“[Mening ishimda] Trampni yomon ko‘radigan oiladan bo‘lgan Trampni yomon ko‘radigan sudya bor!”, deb ta’kidladi sobiq prezident va mutlaqo o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekanligiga ishonch hosil qilishini ta’kidladi.

Tramp hibsga olinganidan bir necha soat o‘tgach, Daniels Los-Anjelesdagi apellyatsiya sudida o‘sha paytdagi prezidentga qarshi bergan tuhmat da’vosi bo‘yicha ishni yutqazdi. Sud da’vogarga Trampga sud xarajatlari uchun 122 ming dollar to‘lashni buyurdi.

Uning sudga murojaat qilishiga qandaydir odam unga va uning bolasiga tahdid qilgani va “Trampni tinch qo‘yishni talab qilgani” haqidagi gaplarini prezident yolg‘on deb atagani sabab bo‘lgandi.