Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi 6-aprel kuni chaqiriladi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladigan mazkur majlisda bir qator qonunlar va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokamada bo‘ladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnomani (Nur-Sulton, 2021-yil 6-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqish belgilangan.

“O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi hukumati o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi hukumati o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, senatorlar Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitadi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborish, Senatning Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijro etilishi yuzasidan 2022-yil 7-oktabrda qabul qilingan qaror bajarilishi masalalarini ham ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

Majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash rejalashtirilgan.