5-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil uchun ipoteka dasturi muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident qurilish hajmlarini o‘z vaqtida ta’minlash har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘sishiga katta turtki berishini ta’kidlab, aholi va quruvchilar uchun yangi yengillik va imkoniyatlar yaratilishini bildirdi. Xususan, 1-maydan boshlab rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi.

Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi. Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.

Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida 2023-yilda tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion so‘mlik resurs yo‘naltirish, dastlabki badal uchun va foizlarni qoplashga 1,6 trillion so‘m subsidiya ajratish vazifasi yuklandi.

Shuningdek, ipoteka kreditiga resurs berish va qurilish korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun 100 million dollar va 1 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish hamda yana 20 ming oilaga banklar hisobidan 5,7 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilishini ta’minlash topshirildi.

10 ming aholiga o‘zining hovlisini kengaytirish yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun 1,5 trillion so‘m kredit ajratish hamda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali aholiga 5,5 mingta xonadon sotib olishlari uchun qo‘shimcha 1,7 trillion so‘m kredit resurslari yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Tijorat banklari balansida ipotekadan qaytishi kerak bo‘lgan mablag‘larni aktiv sifatida ishlatib, ipoteka obligatsiyasini chiqarish orqali qo‘shimcha 10 trillion so‘m resurs jalb qilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga ikki oy muddatda “Ipoteka obligatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini kiritishga ko‘rsatma berildi.