5-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qildi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari raisligida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023-yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

2022-yilda 31 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlangan.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlar Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani ta’kidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani qattiq tanqid qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha Farg‘onada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish cho‘zilib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan hayfsan e’lon qilinganlarga vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi. Umuman, 2023-yilda yangi uy-joy qurish hajmini 1,5 baravarga oshirib, 90 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.