O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mamlakat hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda OAV, internet hamda huquq-tartibot idoralari orqali o‘zbekistonliklarning Turkiya hududida sodir etilgan turli jinoyat va boshqa huquqbuzarliklar ishtirokchisi bo‘lib qolganliklari haqida tez-tez xabarlar kelib tushmoqda.

Shu munosabat bilan konsulxona fuqarolardan bunday ko‘ngilsiz holatlarda jabr ko‘rishlari yoki aybdor bo‘lib qolishlarining oldini olish maqsadida mehmon bo‘lib turgan mamlakat talablariga qat’iy rioya qilishlarini so‘radi.

“O‘zingiz va yaqinlaringizning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan joylar va shaxslardan yiroq bo‘lishingizni, bunday vaziyatlarni keltirib chiqarmaslik choralarini ko‘rishingizni, musofir yurtda vatandoshlarimizga o‘zaro hurmat va yordam ko‘rsatishingizni yana bir bor iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, huquq-tartibot idoralari tomonidan biror sababga ko‘ra ushlanganda yoki hibsga olinganda bu haqda zudlik bilan Bosh konsulxonaga xabar berishni talab qilish huquqiga ega ekanliklari bildirildi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni, fuqarolarning shaxsiy daxlsizlik huquqlariga rioya qilishni va bu orqali qonun oldida javobgar bo‘lib qolishdan o‘zingizni asrashingizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi konsullik xabarida.

Yordamga muhtoj fuqarolar har qanday holatda Bosh konsulxonaga (02123232037 raqami yoki uzbekconsul@yahoo.com elektron pochta manzili) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.