4-aprel kuni “Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi. Qaror matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi:

  • Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut);
  • Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (keyingi o‘rinlarda — Oliy maktab) tashkil etiladi.

Institut va Oliy maktab faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

  • Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganish va amaliy takliflar tayyorlashga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lmagan “Yer islohotlari markazi”;
  • Oliy maktab tuzilmasida yuridik shaxs bo‘lmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi va Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi tashkil etiladi.

Hududlar va sohalar kesimidagi muammolarni joylarga chiqib o‘rganish, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnomalar olib borish, muntazam ravishda O‘zbekiston iqtisodchilar forumini tashkil etish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida Institut qoshida yuridik shaxs bo‘lmagan Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • Davlat budjetidan har yili Institutning bir yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 40 foizi miqdorida ajratiladigan mablag‘lar;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilar Institut va Oliy maktab faoliyatining moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarida Institut va Oliy maktab faoliyat ko‘rsatishi uchun nazarda tutilgan mablag‘lar, 2024-yildan boshlab belgilangan tartibda Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutiladigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.