2023-yilning mart oyida 510 ta holatda 46,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Buning natijasida tizimga 21,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 231 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, Namangan viloyatidagi “M.S.S.” MCHJga qarashli metal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sexda 1,6 mlrd so‘m, Samarqand viloyatidagi “M.K.” MCHJda 898 mln so‘m, Farg‘ona viloyatidagi “D.K.” MCHJda 349 mln so‘m miqdorida qayta hisoblash ishlari amalga oshirilgan.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etililishi ma’lum qilingan.