“Gazeta.uz” 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Pensiyalar va nafaqalar miqdori oshadi

Prezidentning 2023-yil 28-martdagi [PF-45-son] farmoni bilan 1-aprel sanasidan pensiya va nafaqalar miqdori oshadi. Bu quyidagicha o‘zgaradi:

  • Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori hozirgi 324 ming so‘mdan — 347 ming so‘mga;
  • Yoshga doir eng kam pensiya miqdori hozirgi 633 ming so‘mdan — 677 ming so‘mga;
  • Nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori (shuningdek, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori) hozirgi 698 ming so‘mdan — 747 ming so‘mgacha oshadi.

2. Pensiya oluvchilar Toshkent metrosidan kun davomida bepul foydalanadi

Prezidentning 2023-yil 15-martdagi [PQ-94-son] qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan Toshkent metropolitenining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Bunga qadar pensionerlar faqat kunduzi soat 10:00 dan 16:00 gacha Toshkent metrosida bepul harakatlanishi mumkin edi.


3. Shahar va tumanlar markazlarida harakatlanish tezligi 60 km/soatgacha tushiriladi

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi [PF-27-son] farmoniga asosan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Biroq hozirgacha IIV YHXX tomonidan jarimalar qo‘llanila boshlanishi yoki yo‘qligi haqida biror aniq ma’lumot e’lon qilinmadi.


4. Ayrim kasalliklarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi [PF-27-son] farmoniga muvofiq, nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.


5. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentning 2023-yil 13-martdagi [PF-34-son] farmoni bilan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bunda:

  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilanadi;
  • harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi BHMning 200 baravari miqdorida belgilanadi.

6. 25 yildan ko‘p tajribaga ega pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi [120-son] qaroriga ko‘ra, 1-apreldan quyidagilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:

  • pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega pedagog xodimlar;
  • yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.

7. Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi

Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi [PQ-57-son] qaroriga asosan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun aholiga subsidiya beriladi.

Respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.


8. Tadbirkorlarga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezidentning 2023-yil 10-fevraldagi [PF-21-son] farmoniga muvofiq, 1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik subyektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 mln so‘mgacha) qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari:

  • daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi va ushbu xaridlar doirasida budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.
  • davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bog‘liq xarajatlarini eksport qiymatining 6 foizigacha qoplash tartibi bekor qilinadi.

9. Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi

Prezidentning 2022-yil 15-iyundagi [PQ-281-son] qarori bilan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina my.vetgov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.


10. Ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida bog‘chalar tashkil etishga ruxsat beriladi

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi [PF-27-son] farmoniga asosan maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida:

  • yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

11. Yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun mol-mulk solig‘i pasaytiruvchi koeffitsiyentda to‘lanadi

Prezidentning 2023-yil 23-fevraldagi [PQ-69-son] qarori bilan tadbirkorlar yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan summani quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘laydi:

  • 3 qavatli binoga — 0,9;
  • 4 qavatli binoga — 0,8,;
  • 5 qavatli binoga — 0,7;
  • 6 qavatli binoga — 0,6;
  • 7 va undan yuqori qavatli binoga — 0,5.

Bundan respublikaning shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno.


12. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi

Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi [PQ-57-son] qaroriga ko‘ra, 1-apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.

O‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;
  • qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;
  • yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.

13. Ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi

Prezidentning 2023-yil 29-martdagi [PQ-103-son] qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023-yil 1-apreldan joriy qilinadi:

  • Prezident qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi;
  • tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yil 1-yanvargacha bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YATTlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi;

2023−2024-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bunda:

  • banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin;
  • xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.

14. Kollej va texnikum pedagoglari oyligi maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashtiriladi

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi [PF-27-son] farmoniga asosan quyidagicha tartib belgilanmoqda:

  • professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
  • professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

15. Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilinadi

Prezidentning 2022-yil 8-noyabrdagi [PQ-415-son] qarori bilan xo‘jalik jamiyatlarining ishtirokchisi (aksiyadori) va kreditorlari huquqlarini himoya qilish maqsadida quyidagi tartib o‘rnatiladi:

  • MCHJ ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shiladigan, qiymati BHMning 10 ming baravaridan ko‘p bo‘lgan pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va baholangan qiymatdan yuqori bo‘lishi mumkin emas;
  • yuridik shaxslar qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali qayta tashkil etilganda, korxonalarning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga o‘tgan hisoblanadi;
  • xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining aksiya, korporativ obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor qilinadi.