1-apreldan Toshkent hayvonot bog‘iga kirish chiptalari uchun narxlar oshadi, deya ma’lum qildi bog‘ axborot xizmati.

“Toshkent hayvonot bog‘i o‘z jonivorlarining farovonligi haqida tinimsiz qayg‘uradi, ularga g‘amxo‘rlik qilish, parvarishlash va davolashga zarur bo‘lgan mablag‘larni xech qachon ayamaydi. Oshib borayotgan narxlar sabab, bularning barchasi katta xarajatlarni talab qiladi. Shu sabab biz uzoq o‘ylanishlardan so‘ng kirish chiptalari narxini biroz ko‘tarishga qaror qildik“, — deyiladi xabarda.

Bu qaror, shuningdek, jonivorlar ozuqasi narxining oshishi bilan ham bog‘liqligi qayd etilgan.

2023-yil 1-apreldan Toshkent hayvonot bog‘iga kirish narxi quyidagicha bo‘ladi:

  • Imkoniyati cheklangan shaxslar va 7 yoshdan kichik bolalar uchun — bepul,
  • xizmatni o‘tayotgan harbiylar, nafaqadagi fuqarolar va 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — 20 000 so‘m (avval 15 000 so‘m edi);
  • 16 yoshdan kattalar uchun 35 000 so‘m (avval 25 000 so‘m edi).