O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 1−2-aprel sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Juma va shanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 31-mart kunduz kuni qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

Yakshanba kuni respublika hududiga Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.

O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, tog‘oldi va tog‘li hududlardagi ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning ayrim hududlarida do‘l yog‘ishi mumkin. Faqat sharqiy hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

1−2-aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, respublika shimolida va cho‘l hududlarida 22−25 m/s gacha yetishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

31-mart va 2-aprelda tog‘oldi hamda tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, 31-martda Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor.