Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida oltin quymalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda xizmat matbuot xizmati.

Dastlab Andijon shahrida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs og‘irligi 672 gramm bo‘lgan bir bo‘lak oltin quymasini Namangan shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan zargarga 40 ming dollarga sotgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlangan.

So‘ngra ushbu zargar buyurtmasiga ko‘ra, Olmaliq shahridan og‘irligi 613 gramm bo‘lgan bir bo‘lak oltin quymasini olib ketayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi Chust tumanida to‘xtatilib, ashyoviy dalil protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Pop tumani hududida Angren shahrida istiqomat qiluvchi, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan uchrashib, undan og‘irligi 250 gramm bo‘lgan 3 ta oltin quymasini sotib olgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy bahosi 1 milliard 124 million so‘mlik, jami 1 kiloramm 535 gramm oltin quymalari hamda 40 ming dollar ashyoviy dalil sifatida olingan.