2022 yilda Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi nazoratidagi korxona va tashkilotlarda 81 ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Bu haqda 29 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, baxtsiz hodisalar oqibatida 28 ta holat o‘lim bilan tugagan, 5 tasi guruhiy va 48 holatda insonlar turli darajada jarohatlar olgan.

Ro‘y bergan baxtsiz hodisalarning kelib chiqish sabablari 60 foizdan ortiq holatda tashkiliy sabab bilan bog‘liq, ya’ni ishlab chiqarishda ishlarning to‘g‘ri tashkil etilmagani va sanoat xavfsizligi sohasida xodimlar malakasining yetishmasligi, texnik va texnologik jarayonlarda ishlab chiqarish intizomining pastligi hamda ehtiyotsizlik yoki tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishlar shular jumlasidan.

30 foiz holatda texnik sabablar, ya’ni texnik jihozlar va qurilmalarning nosozligi, ularning konstruktiv yangilanmasligi, me’yoriy hujjat va loyiha talablariga rioya etilmayotganligi, texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishidir.

2023 yilning hozirgi vaqtiga qadar Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi [2023 yil 25 yanvardagi prezident farmoni bilan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga o‘zgartirildi va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tarkibiga kiritildi] xodimlari tomonidan nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda 70 ta davlat nazorati, 195 ta nazorat-profilaktika tadbiri o‘tkazildi.

Natijada sanoat, radiatsiya xavfsizligi talablari va yerosti boyliklaridan foydalanish sohasida 531 qoidabuzilish holati aniqlandi. Shu sababli

  • 1 ta korxonada ishlar vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.
  • 28 nafar muhandis-texnik va rahbar xodim jarimaga tortildi.

Ushbu davrda nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda umumiy 21 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.