29 mart kuni Shavkat Mirziyoyev turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektorda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda bir kun ko‘proq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshirishi ta’kidlab o‘tildi.

Jumladan, Xorazmda turistlarning qolish muddati — o‘rtacha 2 kun, sarflaydigan mablag‘i — 220 dollar. Xorijiy turistlar Buxoro, Samarqandga qaraganda Xorazmda 2,5 baravar kam. Lekin Xorazmda sayyohlarni 3−4 kun olib qolish va 400−500 dollar xarajat qilishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Yoki 2022 yilda 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilindi. Bu imkoniyatdan Forish, Urgut, Xo‘jayli, Payariq, Nurota tumanlari va Angren shahri samarali foydalangan.

Temiryo‘li yo‘q, infratuzilmasi rivojlanmagan, chekka hududda joylashgan bu tumanlarda shuncha o‘zgarish bo‘lib, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Kogon, Kitob, Xatirchi, Qiziltepa, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Parkent, Bog‘ot tumanlari bu imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

Viloyatlar ularga biriktirilgan 11 ta oliygoh bilan hamkorlikda ishlab, turizm obyektlari to‘g‘risidagi kontentni boyitishi lozim bo‘ladi. Ular:

  • 31 ta tuman va ulardagi 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontentini yaratadi;
  • ular asosida kamida 12 ta tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi;
  • turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning kamida 2 oylik amaliyoti shu tumanlarda tashkil etiladi;
  • turizm va servis obyektlari ishchilarini o‘qitadi.

Natijaga qarab oliygoh o‘qituvchilari va talabalari rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, mamlakatda hozirgi turizm mavsumi qisqaligi, uni uzaytirish bo‘yicha salohiyat juda katta ekani qayd etildi.

Toshkent, Jizzax viloyatlarida qishki mavsumda — toqqa chiqish, chang‘i uchish maydonlarini, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida yozgi mavsumda — cho‘milish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qo‘shish mumkinligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan tegishli vazirliklar va mutasaddilarga festival va madaniyat tadbirlarini ko‘paytirish, qishki, ekologik turizmni rivojlantirish, qo‘riqxona, tabiat bog‘lari va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ichki turizm bo‘yicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dasturni tasdiqlab, ularning O‘zbekiston bo‘ylab sayohati va dam olishlarini tashkil qilishni boshlash topshirildi.

2023 yil mamlakat madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun 100 milliard so‘m ajratildi.

«O‘zbekiston tashrif qog‘ozi»ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xorijiy telekanallarda «O‘zbekiston tashrif qog‘ozi»ni efirga uzatish, AQSh, Xitoy, Arab davlatlari, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yirik shaharlari gavjum ko‘chalaridagi ekranlarda «O‘zbekiston turizm brendi» haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish, milliardlik obunachilari bor internet platformalarida O‘zbekiston haqidagi reklama roliklarini ko‘paytirish topshirildi.

Viloyat hokimlari ham o‘zining hududini xorijda keng targ‘ib qilishga o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun viloyat hokimlari turoperatorlarni jalb etib, PR markazi filiallarini tashkil qiladi. Ular:

  • har bir viloyatning tashrif qog‘ozini ishlab chiqadi;
  • Toshkent shahri hamda hududlardagi aeroport, vokzallar va mehmonxonalarda turizm bekatlarini tashkil qiladi;
  • har bir viloyatning o‘zi uchun xos bo‘lgan mavsumiy turistik paketini tayyorlaydi;
  • festival va konsertlar o‘tkazish grafigini tasdiqlab, nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham e’lon qiladi.