Fevral oyida epitsentri Qahramonmarash bo‘lgan zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston yordami bilan Hatay viloyatida har biriga bir oila joylasha oladigan 100 ta turar joy konteyneri o‘rnatilmoqda. Bu haqda Anadolu agentligi xabar qildi.

Modulli uylar Istanbuldagi o‘zbek diasporasi tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan Sayhun ta’lim va madaniyat uyushmasining bevosita ko‘magida o‘rnatilmoqda.

«Uyushma tomonidan Ovakent tumanida 100 ta konteyner o‘rnatish rejalashtirilgan. Konteynerlar issiqlikdan izolyatsiya qilingan va turli mavsumiy omillarga chidamli. Ularni o‘rnatish 15 kishidan iborat jamoa tomonidan amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

туркиядаги зилзила, ҳаtaй

Uyushma rahbari Tohir Abdulloh so‘zlariga ko‘ra, zilziladan keyingi ikkinchi kundan boshlab uyushma xodimlari Elbiston tumanida 17 kun davomida oziq-ovqat borasida yordami ko‘rsatib, har kuni 1000 kishini oziq-ovqat bilan ta’minlagan.

«Keyinroq Turkiya hukumati Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi (AFAD) ko‘rsatmasi bilan Antakyaga yetib keldik. Ovakent tumanida 100 ta konteyner o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda 80 dan ortiq konteyner o‘rnatish uchun qurilish materiallari mavjud. Konteynerlarimizning o‘ziga xos jihati shundaki, ular murvat bilan mahkamlangan, ya’ni istak bo‘lsa yig‘ilib, boshqa hududga ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan tarzda ishlab chiqilgan», — dedi Abdulloh.

Unga ko‘ra, bitta konteynerning umumiy maydoni 21 kvadrat metrni tashkil qiladi. «U yerda yotoqxona, oshxona, hammom va hojatxona bor. Konteynerga bemalol bir oila sig‘ishi mumkin», — dedi uyushma rahbari.

туркиядаги зилзила, ҳаtaй

Abdullohning aytishicha, Ovakent hududida konteyner o‘rnatish ishlari 15 kun ichida yakunlanishi rejalashtirilgan. Asosan shu hududda 1980 yillarda ko‘chib kelgan o‘zbek diasporasi vakillari istiqomat qiladi, dedi uyushma rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uyushma ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zbek xalqiga Turkiya janubi va janubi-sharqidagi fojia ko‘lami haqida ma’lumot bergan. «O‘zbek xalqi zilziladan jabr ko‘rganlarning ehtiyojlariga befarq qaramadi», — dedi Abdulloh.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida tashkilotning tizimli hamkorlik platformasi, shuningdek, Tabiiy ofatlar monitoringi markazini yaratishni taklif qilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Hatay viloyatining Ovakent tumanini qayta tiklashga ham yordamlashishi, xususan, uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlari qurib berishi ma’lum qilingandi.