Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining O‘rmiyon qishlog‘ida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi, «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filiali va «O‘zbekneftgazinspeksiya» viloyat bo‘limi xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, mahalliy xususiy korxona tomonidan hech qanday hujjatlarsiz, yashirin ravishda tabiiy gazga ulanib, 3 ta xumdonda 72 ta yasama gaz yondirgichlar orqali ohak ishlab chiqarilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilning iyun oyidan 2023 yilning mart oyiga qadar 18 mln 314 ming metr kub tabiiy gazdan qonunga xilof ravishda foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 18 mlrd 314 mln so‘mlik zarar keltirilgan.

Holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.