Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi xonadonlarning birida gaz chaqnashi sabab bir oilaning 4 nafar a’zosi vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

17 mart kuni «Madrasa» mahallasida yashagan 1941 yilda tug‘ilgan A.R. uyidagi tabiiy gazga mo‘ljallangan isitish pechini noto‘g‘ri o‘t oldirgan. Kelib chiqqan qisqa muddatli chaqnash oqibatida o‘zi, 1950 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i K.F. hamda nabiralari — 11 yoshli I.A. va 14 yoshli O.A. 50−60 foiz kuyish jarohati olgan. So‘ngra davolanish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

26 mart kuni ayol tibbiyot birlashmasida, voyaga yetmagan nabiralar Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Samarqand filialida vafot etgan. 27 mart kuni esa erkak ham tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Jarayon viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.