O‘zgidromet xizmati agentligi hafta davomida — 27−31 mart kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Seshanbada ham respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Chorshanba kuni mamlakatning katta qismida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Payshanba kuni esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Juma kuni ham mamlakatning hech qaysi hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Ushbu haftada havo harorati kechalari +9…+14 daraja, kunduz kunlari 27−28 martda +22…+27 daraja, 29−31 martda +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

27−28 martda shimolda va cho‘l hududlarda, 29 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 28−31 martda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Poytaxtda dushanba kuni havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi. 27−28 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi, 29−30 martda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol asosan kuchsiz esadi, faqat 29 martda 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 27−28 martda kechasi +9…+11 daraja, kunduzi +24…+26 daraja, 29−30 martda kechasi +11…13 daraja, kunduzi +20…+22 daraja bo‘ladi.