Konstitutsiya bo‘yicha 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum uchun O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkalari tuziladi. Bu xaqda Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 27 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Avstriya, Afg‘oniston, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vangriya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Qirg‘iziston, Kuvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Singapur, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Oman, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Shvetsiya, Eron va Yaponiyada — 1 tadan; AQSh, BAA, Germaniya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Turkiyada — 2 tadan; Qozog‘iston va Xitoyda — 3 tadan; Rossiyada — 7 ta referendum uchastkalari tuzish taklif etilmoqda. Mazkur referendum uchastkalarini Toshkentdagi 14-okrugga biriktiriladi.

«Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashish huquqiga egadirlar. Ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi» — deyiladi majlisda.

Majlisda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.