Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida ayollar boksi bo‘yicha jahon chempionatidan O‘zbekiston terma jamoasi bitta bronza medali bilan qaytdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar berdi.

Ushbu sovrin boshqa davlat sportchisining diskvalifikatsiya qilinishi evaziga nasib etdi.

O‘zbekistonlik Navbahor Hamidova -66 kg vazn toifasida ishtirok etib, chorak finalda jazoirlik Imane Xelifga imkoniyatni boy berdi. Biroq keyinchalik jazoirlik bokschi tanlov qoidalariga rioya qilmagani sababli diskvalifikatsiya qilindi.

ayollar, boks

Ko‘k rangli formadagi Imane Xelifning rossiyalik sportchini mag‘lub etgan holati. Foto: IBA.

Reuters nashrining yozishicha, uning genetik tekshiruvida testosteron darajasi (erkaklik gormoni) juda yuqori bo‘lgani aniqlangan.

Xelif finalda xitoylik Yang Liuga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Jazoir ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Xelif o‘zining «fitna» qurboni bo‘lganini da’vo qilgan.

«Jazoirning oltin medalni qo‘lga kiritishini istamagan ba’zi davlatlar bor. Bu fitna, biz bunga jim qarab turmaymiz», — deydi bokschi mahalliy telekanalga bergan intervyusida.

23 yoshli sportchining ta’kidlashicha, unga ayollarga qarshi ringga chiqishiga to‘sqinlik qiladigan «xususiyatlari» borligini aytishgan.

«Meni tashqi ko‘rinishim tufayli tez-tez haqorat qilishardi, bunga qarshilik ko‘rsatdim. Shularga qaramay, kurashni davom ettirdim. Shu vaqtgacha ko‘plab turnirlarda ishtirok etdim va hech qanday muammo yo‘q edi. Lekin oltin medalni qo‘lga kiritish imkoniyatim oshganida menga to‘sqinlik qilishdi, chunki buning ehtimoli boshqalarnikidan yuqori ekanini bilishardi», — deya ta’kidladi u.

Ma’lumot uchun, Xelif 2022 yilgi jahon chempionatining finalida irlandiyalik sportchiga yutqazib, kumush medalni qo‘lga kiritgandi. 2022 yilgi Afrika chempionatida esa oltin medalga ega chiqqan va O‘rta dengiz o‘yinlarining amaldagi chempioni hisoblanadi.

Xalqaro boks assotsiatsiyasi 2023 yilgi turnirda yarim finalda Xelifdan mag‘lub bo‘lgan tailandlik Janjaem Suvannafeng bugungi oltin medal uchun bahsda jazoirlikning o‘rnini egallashini ma’lum qilgan. Final bahsida tailandlik sportchi kumush, xitoylik Yang Liu esa oltin medaliga ega chiqdi.