Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — tarixchi, Buyuk Britaniyaning York universiteti lektori Dilnoza Duturayeva.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Ishim asosan kitob o‘qish, aniqrog‘i, ilmiy adabiyot va O‘rta asr manbalarini tahlil qilish bilan bog‘liq. Shunga qaramay, bo‘sh vaqtimda badiiy asarlarni ham o‘qishni yoqtiraman. Ilmiy ishimdan faqat shu orqali sal chekinib, dam olaman.

Oxirgi paytlari universitet hayoti va akademik tizim bilan bog‘liq bo‘lgan romanlarga qiziqib qoldim. Sababi oddiy — umrimning katta qismi universitetlarda o‘tadi. Ingliz tilida bu janr «campus novel» yoki «academic novel» deb ataladi. O‘zbek adabiyotida esa bu janr hali u qadar keng yoyilmagan va rivojlanishi ham shunga yarasha. Xorijda bunday romanlar asosan 1950 yillardan keyin yozila boshlangan.

Yaqin orada o‘qigan shunday romanlardan ayrimlarini quyida keltirib o‘taman. Shu bilan birga tarixchi sifatida ko‘pchilikka foydali bo‘lish ehtimoli bor bir necha ilmiy adabiyotlarni ham tavsiya qilaman.

Kingsley Amis. Lucky Jim. Victor Gollansz nashriyoti, 1954 yil. 256 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

Bu romanni Angliyaga ko‘chishdan oldin o‘qishni boshladim. Tumanli Albion universitetlarining birida o‘rta asrlar davri tarixi bo‘yicha dars berish taklifini olgach, yangi ilmiy tizim va akademik madaniyat bilan oldindan tanishmoqchi bo‘ldim. «Lucky Jim» («Omadli Jim») romani esa aynan Angliya universitetlarining birida o‘rta asrlar davri tarixidan dars berayotgan Jim Dikson ismli yosh lektor haqidagi satira. U mavjud akademik tizimni umuman hazm qilolmaydi, ammo ish joyini saqlab qolish uchun belgilangan qoidalarga boshqalar kabi rioya qilishi shart. Negaki u endi ishga joylashgan va sinov muddatini o‘tayotgan yosh ilmiy xodim edi. Roman turli kulgili dialog va jarayonlar bilan to‘la. Inglizlarning o‘ziga xos yumori orqali tanqid ostiga olingan ko‘plab mavzular hozirda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

Vladimir Nabokov. Pnin. Heinemann nashriyoti, 1957 yil. 191 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

«Pnin» romani AQSh universitetlari birida rus tili va adabiyoti fanidan dars berayotgan yoshi katta professor Timofey Pavlovich Pnin haqida, aniqrog‘i, uning Amerika akademik tizimiga moslashishi uchun qilingan urinishlari to‘g‘risida. Nabokov bu asarni Amerikadagi tajribalaridan kelib chiqib yozgan. Yoshi 50 dan oshgan Timofey Pnin to‘qima bo‘lgan Vayndell (Waindell) kollejida dars beradi. Professor universitet nomini to‘g‘ri ayta olmay «Vandal» deb qo‘ya qoladi. Ushbu o‘quv dargohi va u yerdagi xodimlar Nabokov dars bergan Kornell universiteti va Uellsli kollejini eslatadi. Romanda yoshi katta rus ziyolisi va muhojirining Amerika akademik tizimidagi sarguzashtlari satira tarzida bayon qilingan.

Elaine Hsieh Chou. Disorientation. Pan Macmillan nashriyoti, 2022 yil. 416 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

«Disorientation» («Dezoriyentatsiya») romani Sharqiy Osiyo tadqiqotlari yo‘nalishi bo‘yicha AQShda PhD dissertatsiyasini yozayotgan Ingrid Yan ismli yosh doktorant qiz haqida. 30 ga yaqinlashib qolgan Ingrid Yan sakkiz yildan beri dissertatsiyasini yozib tugata olmaydi. To‘satdan ilmiy tadqiqoti mavzusiga doir dahshatli ma’lumot qo‘liga tushib qolgach, taqdiri umuman o‘zgarib ketay deydi. Romanda kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan yosh olimaning AQSh universitetidagi hayoti orqali ilm-fandagi rasizm, imperializm va oriyentalizm muammolari mohirona tarzda ko‘tarib chiqilgan.

Entony Eastmond. Tamta’s World: The Life and Encounters of a Medieval Noblewoman from the Middle East to Mongolia. Cambridge University Press, 2017 yil. 460 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

Britaniyalik tarixchi Entoni Istmond qalamiga mansub «Tamta's World: The Life and Encounters of a Medieval Noblewoman from the Middle East to Mongolia» («Tamta dunyosi: Yaqin Sharqdan Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan o‘rta asr zodagon ayolining hayoti va to‘qnashuvlari») ilmiy monografiyasi Tamta Mxargrdzeli (1195−1254) ismli zodagon ayol hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.

Tamta Gurjistonda malika Tamara (1184−1213) saroyida xizmat qilgan arman amaldorining oilasida tavallud topadi. Otasi Misr va Suriyada hukmronlik qilgan Ayyubiylar (1171−1260) tomonidan asirga olingach, Tamta majburan ushbu xonadonga kelin qabilida uzatiladi. Keyin Jaloliddin Manguberdi (1220−1231) haramiga, undan keyin esa mo‘g‘ullar qo‘liga o‘tadi. Manbalarning ma’lumot berishicha, Tamta 10 yilga yaqin Mo‘g‘ulistonda yashagan. 1244 yildan esa hozirgi Turkiyada joylashgan Ahlat hududini boshqargan.

Qisqacha aytganda, mazkur ilmiy asar nafaqat Gurjistondan Mo‘g‘ulistongacha yetib borgan va asiradan hukmdor darajasiga erishgan bir ayol taqdiri haqida so‘zlaydi, balki tarixni ayol ko‘zi bilan ham tahlil qilish imkonini beradi. Hozirgi tarix fani darsliklarida ayollar haqidagi ma’lumotlar kam. Bunday yondashuv nafaqat qizlarimiz, balki o‘g‘illarimiz uchun ham zararli. Qizlarimiz o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan ulg‘ayishi, o‘g‘illarimiz tengdosh qizlarga hurmat ko‘zi bilan qarashi uchun tarix darsliklarida ayol qahramonlar ko‘payishi kerak.

Marie Favereau. The Horde: How the Mongols Changed the World. Harvard University Press, 2021 yil. 384 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

Fransiyalik tarixchi Mari Favero «The Horde: How the Mongols Changed the World» («O‘rda: Mo‘g‘ullar dunyoni qanday o‘zgartirgan») nomli ilmiy monografiyasida mo‘g‘ullar imperiyasining g‘arbiy yerlari, ya’ni tarixda Oltin O‘rda nomi bilan ma’lum bo‘lgan hudud haqida bayon qiladi. Mo‘g‘ullar nafaqat urush va harbiy faoliyat bilan shug‘ullangan, balki biz bilgan dunyo shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Muallif fikricha, Rossiya imperiyasi aynan Oltin O‘rda davlat boshqaruvidan andoza olgan. Agar bu inobatga olinsa, Rossiya imperiyasi Kiyev Rusi davlatining emas, balki ko‘proq Oltin O‘rda vorisi bo‘lib chiqadi. Mo‘g‘ullar hozirgi Vengriyadan Koreyagacha bo‘lgan hududlarda hukmronlik qilgan va o‘z merosini qoldirib ketgan.

Biz hozir yashayotgan dunyoni yaxshiroq anglashimiz uchun ularning tarixini chuqur o‘rganishimiz zarur. Afsuski, O‘zbekiston tarixida hali ham mo‘g‘ullar asosan bosqinchi sifatida gavdalantiriladi va bu davr tarixini o‘rganishga yetarli e’tibor berilmaydi. Mari Favero umuman boshqa qarashni taklif qiladi va biz yashayotgan dunyo mo‘g‘ullardan meros bo‘lib qolganini ta’kidlaydi.

Tim Winter. The Silk Road: Connecting Histories and Futures. Oxford University Press, 2022 yil. 264 sahifa

дилнозоa дuтuрaеva, kitob, kitobxonлик, мuтолaa, niмa o‘qiymiz, tavsiyalar

Avstraliyalik sotsiolog va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Tim Vinter «The Silk Road: Connecting Histories and Futures» («Ipak yo‘li: tarix va kelajakni bog‘lash») nomli kitobida biz bilgan qadimgi Buyuk Ipak yo‘li tarixi haqida yozmagan. «Ipak yo‘li» hozirgi kunda geomadaniy va geostrategik tushunchaga aylanib bo‘lgan. Muallif «Ipak yo‘li» atamasi endi paydo bo‘lgan davr hamda Xitoy-Yevropa o‘rtasidagi ilk aloqalarni tasdiqlovchi ma’lumotlar o‘rganila boshlangan vaqt, ya’ni XIX asrdagi Katta o‘yindan hozirgi kungacha bo‘lgan siyosiy jarayonlarni tahlil qiladi. Shu jumladan, hozirgi Xitoy hukumatining «Ipak yo‘li»ni tiklash g‘oyasi ostida amalga oshirayotgan geosiyosiy harakatlarini tadqiq qiladi. Bugungi jahon siyosatida bo‘layotgan jarayonlarni va yaqin kelajakda ham muhim bo‘ladigan mavzularni yaxshiroq tushunishni istasangiz, ushbu kitobni o‘qishingiz kerak.

Yoshlarga tavsiyalar

Har bir kitobxon o‘z didiga ega. Bu yerda o‘zim yaxshi ko‘rgan badiiy asarlardan 10 tasini tavsiya qilaman.

  • Ernest Heminguey. «Alvido, qurol!»;
  • Virginia Woolf. «A Room of One’s Own»;
  • Cho‘lpon. «Kecha va Kunduz»;
  • Jorj Oruell. «1984»;
  • Sylvia Plath. «The Bell Jar»;
  • Pirimqul Qodirov. «Yulduzli tunlar»;
  • Chingiz Aytmatov. «Asrga tatigulik kun»;
  • Chimamanda Ngozi Adichie. «Americanah»;
  • Umberto Eco. «Numero Zero» (qo‘shimcha tarzda shu muallifning «Ur-Fascism» essesini ham o‘qib chiqishni tavsiya qilaman);
  • Tara Westover. «Educated».

Tarixga ko‘pchilik qiziqadi. Shu sabab tarixga oid quyidagi kitoblarni ham tavsiya qilmoqchiman:

  • Edward W. Said. «Orientalism». Pantheon Books, 1978
  • Fatema Mernissi. «The Forgotten Queens of Islam». University of Minnesota Press, 1997
  • Ellen Meiksins Wood. «The Origin of Capitalism». Monthly Review Press, 1999
  • Marianne Kamp. «The New Woman in Uzbekistan: Islam, Modernity and Unveiling Under Communism». University of Washington Press, 2006
  • Peter Golden. «Central Asia in World History». Oxford University Press, 2011
  • Valerie Hansen. «The Silk Road: A New History». Oxford University Press, 2012
  • Frank Dikötter. «How to Be a Dictator: The Cult of Personality in the Twentieth Century». Bloomsbury, 2019
  • Adeeb Khalid. «Central Asia: A New History from the Imperial Conquests to the Present». Princeton University Press, 2021
  • Ayşe Zarakol. «Before the West: The Rise and Fall of Eastern World Orders». Cambridge University Press, 2022
  • Peter Frankopan. «The Earth Transformed: An Untold History». Bloomsbury, 2023