O‘zbekistonda katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi saratonini samarali davolovchi lyutetsiy-177 PSMA-617 dori vositasi ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov O‘zA`ga ma’lum qildi.

Professor qayd etishicha, dori kasallikning 4-bosqichdagi 97−99 foizgacha tuzalishini ta’minlaydi. Uning narxi 1,5 ming AQSh dollar hisoblanadi.

O‘zbekiston fanlar akademiyasi qo‘shimcha qilishicha, bu dori lyutetsiy-177 radioizotopi va PSMA-617 Prostata spetsifik menbranali antigendan tashkil topgan. Ya’ni bu dori vositasi asosan katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanadi. Shu bilan birga to‘rtinchi va beshinchi dozalarida tananing boshqa qismlaridagi metastazalarga ham terapevtik ta’sir ko‘rsatishi kuzatilgan.

rak, саратон, fanlar akademiyasi

Butun tanasi rak metastazalari bilan qoplangan 4 ta bemor (chap tomonda) va lyutetsiy-177 PSMA-617 preparati bilan 2−3 oy mobaynida davolangandan so‘ng (o‘ng tomonda). Foto: O‘zA

Bu dori vositasi radioaktiv modda bo‘lib u dorixonalarda sotilmaydi. Bu faqat shifoxona va klinikalarga yetkazib berilib, bu klinikalarda bemorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, PET (pozitron-emission tomografiya) yordamida tashxis qo‘yiladi va bemordagi kasallikni lyutetsiy-177, PSMA-617 yordamida davolash mumkinligi aniqlansa klinika korxonaga shu dorining kerakli dozasiga buyurtma beradi.

Davolash faqatgina kasalxona sharoitida, maxsus gamma kameralar bilan kuzatuv ostida olib boriladi. Bemorlar bu dori vositasini o‘zlaricha dorixonadan sotib olib o‘zlari davolana olmaydi.