Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Afzal Irmatov hibsga olindi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Afzal Irmatov huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayb e’lon qilinib, hibsga olingan. Hozirda uning xatti-harakatlari yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga «prokuratura organlarining ish yurituvida agentlik bilan bog‘liq jinoyat ishi mavjud emas»ligini bildirgandi.

U shu yilning yanvarida tergov organi tomonidan so‘roqqa chaqirilgan. Agentlikdagilar uning yil boshidan buyon ishga chiqmayotganini tasdiqlashdi, deb yozadi Kun.uz.

Ta’kidlanishicha, Migratsiya agentligi mansabdorlariga qarshi ochilgan jinoyat ishi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘zg‘atilgan va 3 yanvar kuni agentlik binosida tintuv o‘tkazilgan. Jinoyat ishi doirasida yana uch mulozim so‘roqqa chaqirilgan, ularning ayrimlari hibsga olingan.

Afzal Irmatov 2010 yildan 2013 yilgacha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar bo‘lib ishlagan. 2022 yilning martidan yana ushbu lavozimga qaytgan.