Savol: Ro‘zador kishining tobi qochsa, unga ukol qilish mumkinmi?

Javob: Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) hazratlari tanaga bir narsa kirishi bilan ro‘za buziladi, deganlar. Shuning uchun ro‘zador ukol olsa, ro‘zasi buziladi.

Agar o‘ta zarurat bo‘lmasa, ukolni iftorlikdan keyin yoki saharlikdan oldin qildirib olgani ma’qul. Lekin ro‘za tutganida sog‘ligi yomonlashgani tufayli ukol olmasa, hayoti xavf ostida bo‘lsa, ukol olib, ro‘zasining qazosini Ramazon tugaganidan keyin tutib beradi.

Savol: Ro‘za paytida xotin-qizlar atir-upadan foydalanishlari mumkinmi? Undan foydalanganida ro‘za ochilib ketmaydimi?

Javob: Ro‘za ochilmaydi, chunki bu ro‘zani buzuvchi amallar sirasiga kirmaydi.

Savol: Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uyg‘onganidan keyin suv ichib, niyat qilib ro‘zani davom ettirsa bo‘ladimi?

Javob: Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o‘yg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, ro‘zani niyat qilaman desa, niyati ham o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya’ni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.

Savol: Tahorat qilmasdan ro‘za tutsa qabul bo‘lmaydimi?

Javob: Aslida ro‘za tutish uchun tahorat shart qilinmaydi. Tahoratsiz ham ro‘za tutsa bo‘laveradi. Lekin tahoratda boshqacha bir barokat bor. Tahoratli holda qilingan duolar ijobat bo‘lishga yaqinroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun imkon qadar ro‘zador odam tahoratli bo‘lib yurishga harakat qilishi kerak.

Savol: Ro‘zador odam sochini olsa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador vaqtida soch olishning ro‘zaga, hatto tahoratga ham ta’siri yo‘q. Ro‘za biror narsa kirishi bilan ochiladi. Sochni kaltalatsa yoki tirnoqlarni olsa, bunday narsalar bilan ro‘za ochilmaydi.

Savol: Ro‘zador inson g‘arg‘ara qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bundan qaytarilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tahorat olish, g‘usl qilish vaqtida og‘izga, burunga suvni chuqur olib, g‘arg‘ara qilishga buyurganlar, illo ro‘za paytida bunday qilmaysan, deganlar. Demak, ro‘za paytida xoh g‘usl qilinsin, xoh tahorat qilinsin, g‘arg‘ara qilib, mubolag‘a bilan chayilmaydi. Chunki suvning dimog‘dan yoki tomoqdan ichkariga o‘tib ketish xavfi bor, o‘tib ketsa ro‘za buzilib qoladi.

Savol: Saharlikka hech narsa yemasdan og‘iz yopish mumkinmi?

Javob: Mumkin. Saharlikka hech narsa yemasdan ham niyat qilib olib, og‘izni yopish mumkin. Lekin bu xilofi sunnat — sunnatga xilof ish bo‘lib qoladi. Chunki saharlik qilish, saharlikda baraka borligi haqida juda ko‘p hadislar bor. Bunday holatda hech bo‘lmasa bir qultum bo‘lsa ham suv ichib olinsa, hadislarga, sunnatga amal qilingan bo‘ladi.

Savol: Ro‘zador inson saqich chaynasa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador kishi saqich chaynashi makruh. Bu ichiga saqich ketmagan holatda. Ichga ketsa ro‘za buziladi.

E’tiborli tomoni fiqh kitoblarimizda aytilgan saqichlar hozirgi zamonaviy saqichlardan farq qilgan. Ya’ni, zamonaviy saqichlarning ta’mi, shirasi juda o‘tkir. Ularni yutilib ketish ehtimoli ham ancha yuqori. Shu sababli ro‘zani buzilishiga olib boradigan ishlardan qochish kerak, jumladan, saqich chaynashdan ham. Vallohu a’lam.

Savol: Ro‘zador kishi so‘lagini yutsa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador so‘lagi (tufugi)ni yutishi bilan ro‘za ochilmaydi. Ro‘zador og‘zida tufugini yig‘ib keyin yutib yuborsa, ro‘zasi buzilmaydi. Qasddan so‘lagini og‘zida to‘plab yutish esa makruh bo‘ladi.

Savol: Xonadonda isiriq tutatsak, ro‘zaga zarar yetmaydimi?

Javob: Agar isiriq tutatilib, uning tutunini yutsangiz, ro‘za ochilib ketadi. Shuning uchun uni iftordan keyin tutatish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Savol: Ro‘zador inson tish pastasidan foydalansa bo‘ladimi?

Javob: Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi. Fiqhiy kitoblarimizda bunday deyilgan:

«Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, ro‘zani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun ro‘za ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ro‘zani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor» («Hidoya»).

Shunga ko‘ra ko‘pchilik zamonamiz ulamolari ro‘zador holda tish pastasidan foydalanmaslikni balki, uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadilar. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish afzal sanaladi.

Qolaversa, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvokdan foydalanish ham mumkin. Chunki misvok ishlatish bilan ro‘za ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida undan ko‘p marta foydalanganlari dalil bo‘ladi.

Omir ibn Rabiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida misvok qilayotganlarini sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yeta olmaydigan darajada ko‘p ko‘rganman» (Imom Ahmad rivoyati).

Bunda, milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa, yutib yubormaslik shart qilinadi.

Savol: Junub holatda saharlik qilsa bo‘ladimi?

Javob: Saharlik vaqti tugashiga oz qolgan bo‘lsa, junub kishi og‘zi, burnini yaxshilab chayib, saharlik qiladi. Subhi sodiq kirganidan keyin g‘usl qilaveradi. Junub holatda ro‘zani boshlash ro‘zaga putur yetkazmaydi.

Savol: Ro‘zador zont yutishi mumkinmi?

Javob: Oshqozon tekshiruv moslamasi (zont) deganda — og‘iz orqali yutilib, bir uchi tashqarida qolib, ikkinchi uchi oshqozonga yetib boradigan tibbiy qurilma tushuniladi. Ushbu moslamadan asosan oshqozonni tasvirga olish va undagi kasallikka tashxis qo‘yish uchun foydalaniladi. Tashxis amaliyoti tugaganidan so‘ng mazkur moslama og‘iz orqali qayta chiqarib olinadi.

Bemor ro‘zador holida oshqozon tekshiruv moslamasi (zont)ni quruq holida yutsa, unga yog‘ yoki biror dori vositasi surtilmagan bo‘lsa — bu uning ro‘zasini buzmaydi. Chunki hanafiy mazhabining umumiy qoidasiga ko‘ra qorin qismi (javf)ga kirgan narsa u yerda o‘rnashib qolsagina ro‘zani buzadi. Bu haqda Imom Kosoniy bunday deydilar: «Ichkariga kirgan narsaning o‘sha yerda o‘rnashib qolishi ro‘za buzilishining shartidir» («Badoyi’us Sanoyi’»).

Fiqhiy manbalarimizda ushbu qoidaga quyidagi holatni misol qilib keltirilgan: «Agar biror taomga ip bog‘lab halqumidan o‘tkazsa (ya’ni yutsa), ipning boshqa tarafi qo‘lida qolsa, ro‘za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro‘za ochiladi» («Bahrur-roiq»).

Demak, oshqozon tekshiruv moslamasining bir uchi tashqarida qolib, to‘liq ichkariga kirmagani hamda oshqozonda o‘rnashmagani sababli ro‘zani ochmaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqorida aytib o‘tilganidek zont yutish jarayonida unga yog‘ yoki dori surtilmagan, quruq holatda bo‘lishi lozim. Aks holda ro‘za ochiladi. Voqelikda esa yog‘ surtilmagan holda zont yutish bemor uchun katta mashaqqat tug‘diradi. Ba’zan moslama uchidagi tasvirga olish qurilmasini oshqozonga suv yuborish orqali tozalab turish zarurati paydo bo‘ladi. Suvning ichkariga kirishi bilan shubhasiz ro‘za buziladi.

Zont orqali oshqozonni tekshirish asnosida yuqoridagi kabi noqulayliklar kelib chiqadigan bo‘lsa, bemor shariatning umumiy ruxsatidan foydalanib, o‘sha kungi ro‘zani Ramazondan keyin bir kun tutib berishi mumkin.

Savol: Ro‘zador kishi kunduzi yuvinishi mumkinmi?

Javob: Kunduz kuni ehtilom bo‘lib qolgan ro‘zador g‘usl qilishi vojib, albatta, yuvinishi shart va bu borada hech qanday ixtilof yo‘q.

Bu mavzuda «Al-Fatovol hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro‘zador tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: „Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas“. Mana shu gap ustunroq, „Muhiti Saraxsiy“ kitobida shunday kelgan».

Demak, jiddiy zarurat bo‘lmaganda tahoratdan boshqa paytlarda og‘iz va burun chayish, g‘usl qilish (cho‘milish), boshiga suv qo‘yish, suvga sho‘ng‘ish, namlangan kiyimga o‘ranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa, Imom Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlariga amal qilingan bo‘ladi.

Lekin, masalan, kun qattiq isib ketganda va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug‘ilsa va ibodatdan bezor bo‘lish ma’nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma’nosida bu ishlarni qilinsa, Imom Abu Yusuf rahimahullohning so‘zlariga, keyingi ulamolar ustun ko‘rgan so‘zga amal qilingan bo‘ladi, makruh bo‘lmaydi.

Savol: Avval og‘iz ochiladimi yoki shom namozi o‘qiladimi?

Javob: Dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targ‘ib qilingan, og‘iz ochishni qasddan shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og‘iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qishdan oldin og‘zilarini ho‘l xurmolar bilan ochardilar…» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Demak, ro‘zador shom namozining vaqti kirishi bilan og‘zini ochib, chanqog‘ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq ekan. Iftorni tezlatish afzalligi borasida hadisi sharifda bunday deyilgan: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlar og‘iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo‘ladilar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla bunday dedi: «Bandalarimning menga eng suyuklisi, ularning tezroq og‘iz ochganlaridir», dedilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadislardan kelib chiqib, fuqaholarimiz quyosh botishi bilan namozdan oldin og‘iz ochish mustahabdir, deganlar («Raddul muhtor»). Ushbu hukm barcha farz va nafl ro‘zalarning barchasiga tegishlidir. Bu borada vorid bo‘lgan hadislar farz ro‘zalarga xoslangan emas.

Savol: Ramazon oyida hayz ko‘rgan ayol kishi qanday yo‘l tutadi?

Javob: Ayol kishi Ramazon oyi davomida odati boshlanib qolsa, u tugaguniga qadar ro‘za tutmaydi. Ramazon oyi o‘tgandan keyin necha kun ro‘za tuta olmagan bo‘lsa, o‘shancha kun qazo qilib tutib beradi. Bu hukmga ulamolar ijmo’ qilishgan. Muoza roziyallohu anhodan shunday rivoyat qilinadi: Muoza al-Adaviyya Oisha roziyallohu anhodan: «Nima uchun hayz ko‘rgan ayol ro‘zaning qazosini tutadiyu, namozni qazosini o‘qimaydi?» deb so‘radi. Oisha roziyallohu anho onamiz: «Uzrli holatga tushib qolsak, ro‘zaning qazosini tutishga, namozning qazosini o‘qimaslikka buyurilganmiz», deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ya’ni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayz holatidagi ayollarga ro‘zaning qazosini tutish, namozning qazosini esa o‘qimaslikka buyurardilar.

Ushbu hukm fiqhiy kitoblarimizda atroflicha yoritilgan: «Ayol hayz yoki nifos ko‘rsa, ro‘zasini ochadi. Kunduz kuni musofir safardan kelsa yoki ayol hayzdan poklansa, kunning qolgan qismida yeb-ichishdan saqlanadi» («Hidoya»).

«Hayz ko‘rgan ayoldan namoz soqit bo‘ladi, poklangach qazosini o‘qimaydi. Hayz ko‘rganning ro‘za tutishi harom bo‘ladi, poklangach qazosini tutadi» («Al-Muxtor»).

«Farz ro‘zani tutib turgan ayol hayz ko‘rib qolsa, ro‘zasi botil bo‘ladi. Farz ado bo‘lmay qolgani uchun, poklangach uning qazosini tutish vojib bo‘ladi» («Umdatur ri’oya»).

Ayollar ro‘zani to‘liq tutish maqsadida dori iste’mol qilib, odat qonini kechiktirishi joiz. Odatiy qon kelmaguncha ayol kishi pok sanaladi va ro‘za tutishi lozim. Qonni to‘xtatib turish-turmaslik borasida shar’an qaytariq yo‘q. Bu ish ayol kishining sog‘lig‘iga zarar qilmasa joiz, zarar qilsa joiz emas.

Savol: Homilador yoki emiziklik ayol ro‘za tutishi mumkinmi?

Javob: Homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutganda bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmaydi va keyinchalik ro‘zaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: «Homilador va emizikli ayol o‘z joniga yoki bolasiga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochadi va (imkon bo‘lganda) qazosini tutadi. Ularga ro‘zani ochgani uchun kafforat lozim bo‘lmaydi. Zero, „Xulosa“ kitobida shunday deyilgandir» («Fatavoi hindiya»).

Boshqa bir manbada bunday deyiladi: «Homilador va emizikli ayol bolasi yoki o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqsa, ro‘zani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh musofirdan ro‘zaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro‘zaning (hammasini) ko‘targan», deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).

Homilador yoki emizikli ayolning ro‘zani ochishi zarardan qo‘rqishga bog‘lab qo‘yildi. Bu qo‘rquv yo tajribalar natijasida paydo bo‘lgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. «Fatavoi Zohiriya» kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo o‘zining joniga zarar yetishidan qo‘rqmasa, ro‘zani ochishiga ruxsat berilmaydi" («Bahrur-roiq»).

Demak, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutsa bolasiga yoki o‘zining joniga zarar yetishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, ro‘za tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.

Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, homilador va emizikli ayollar ro‘za tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda ro‘zaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.

Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar yetmaydigan bo‘lsa, ro‘za tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga o‘rgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.