Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga «Tashabbusli budjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilgan video e’lon qilindi. Maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova bu bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Vazirning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda «Vazirga murojaat» portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

«Agar sizning ta’lim maskaningizda o‘qituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71−202−09−09 ga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yo‘nalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli mas’ul xodimlarga zarur ta’sir choralari ko‘riladi. „Tashabbusli budjet“ loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi!», — deya qayd etgan vazir.

Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, bu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati tomonidan «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun ma’qullangandi.

Unga ko‘ra, pedagoglarning ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Ularni takror ma’muriy mehnatga jalb qilganlar BHMning 150−200 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.