24−26 mart kunlari Toshkentda magnit bo‘ronlari bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda meteorolik prognozlarni e’lon qiluvchi «Meteonova» nashri ma’lum qildi.

Bo‘ron ta’siri 24 mart kuni soat 11:00 ga borib 5 ballga ko‘tariladi, 17:00 dan boshlab 4 ballga tushadi. Keyingi 2 kun davomida ham tush paytida va erta tongda 4 balli magnit bo‘ronlari kuzatilishi kutilmoqda.

magnit bo‘roni, тошкент

Foto: meteonova.ru

«Magnit bo‘roning G3 darajadagi yuqori faolligi tush paytida kutilayotgani uchun bu omilning organizmga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ovqatlanish ratsionlariga baliq va ko‘kat mahsulotlarini kiritish, iste’mol qilish tavsiya etiladi», — deydi O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov.

Magnit bo‘roni davrida ko‘pchilikda bosh qismining orqa tomonida biroz og‘riq kuzatiladi. Bu paytda shu kabi insonlarga kamroq harakat qilish hamda uyda ko‘proq o‘tirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, bu vaqt oralig‘ida yuqoridagi holatni o‘zida sezayotgan kishilarga chekish, alkogol mahsulotlari va kofe ichish hamda jismoniy zo‘riqish tavsiya etilmaydi.

SSV bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidovaning ta’kidlashicha, magnit bo‘roni inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bundan, ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi.

«Magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan. Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish lozim. Ko‘proq ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan banan va boshqa sitrus ne’matlardan iste’mol qilish zarur», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, surunkali kasalliklarga chalinganlar o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim. «Kun davomida bir marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi. Qon bosimidan shikoyati bor bemorlar ko‘proq suv ichib, sho‘r taomlarni kamroq iste’mol qilganlari ma’qul. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi», — dedi SSV bosh nevrologi.

Magnit bo‘ronlari — kompas magnit milining surilishini qo‘zg‘atuvchi Yer magnit maydonining keskin o‘zgarishi hisoblanadi. Magnit bo‘ronlari bir vaqtda Yer yuzining katta hududlarida, ba’zan butun Yer yuzida kuzatiladi. U ko‘pincha tun vaqtiga to‘g‘ri keladi va odatda qutbiy yog‘du, momaqaldiroq, zilzila paytida sodir bo‘ladi hamda har 11 yilda kuzatiladigan Quyosh faolligining kuchayishi davrida tez-tez takrorlanib turadi.