Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo tumanida qurilayotgan ko‘prik qulab tushgani bo‘yicha ma’lumotlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Amudaryo tumani hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, prezident 2020 yil 12−13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lovchi Amudaryo ustiga avtomobil va temir yo‘l qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari boshlash bo‘yicha topshiriq berib, qisqa muddatda ishlar boshlab yuborilgan. Yangi ko‘prik qurilishi loyihasiga buyurtmachi etib «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, bosh loyihachi etib — «Boshtransloyiha» AJ, bosh pudratchi etib — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning tarkibiy bo‘linmalari belgilangan.

Hokimlik xabariga ko‘ra, ushbu ko‘prikka 14-sonli ko‘prik qurilish otryadi tomonidan vaqtinchalik tayanch balkalar o‘rnatilgan bo‘lgan. 23 mart kuni ertalab ushbu ko‘prikning vaqtinchalik tayanch ikkita balkasi noma’lum sabablarga ko‘ra qulab tushgan.

Ta’kidlanishicha, balkalar vaqtincha o‘rnatilgan bo‘lib, ko‘prik qurilishida vaqtinchalik vazifa bajaruvchi, yordamchi vosita hisoblanadi.

Hozirda ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahridan tegishli mutaxassislar va laboratoriya xodimlari chaqirilgan. Ushbu holat yuzasidan hesh kim jabr ko‘rmagan, deyiladi xabarda.