O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini texnika bilan ta’minlash masalasini muhokama qildi.

Davlat rahbari bugungi kunda klasterlar, fermer va dehqonlar tomonidan umumiy qiymati 2,6 trillion so‘mlik salkam 11 mingta texnika va agregatlarga talab shakllanganini ta’kidladi.

Shu bois 1 apreldan mahalliy ishlab chiqarilgan barcha texnikalar xaridi uchun 15 foiz subsidiya beriladigan bo‘ldi (hozir imtiyoz faqat Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi klasterida ishlab chiqariladigan texnikaga beriladi). Import qilingan texnikalar uch yil muddatga bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi, ular bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini 9 oyga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi (hozir imtiyoz faqat paxtachilik va chorvachilik uchun mo‘ljallangan texnikalar uchun ko‘zda tutilgan).

Texnika xaridi uchun 10 yil muddatga 10 foizlik kreditlar ajratiladi. Mutasaddilarga buni moliyalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘p import bo‘layotgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Iqtisodiy vositalarni qo‘llab, dehqonlar va tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.