Muvaffaqiyat asosini ishtiyoq va harakatdan avval ilm tashkil etadi. Azaliy qonuniyat shu — ilm-fanga suyangan jamiyat va davlat yutqazmaydi. Maktablar esa bo‘lg‘usi olim, akademiklarni tayyorlash va aniqlashda eng muhim bosqich. Biroq bu tizimda yaxshi natijalardan ko‘ra tobora kattalashayotgan muammolarimiz ko‘proqdek. Darsliklar «jang»i, o‘qituvchi obro‘si, majburiy mehnat, korrupsiya kabilarning oxiri ko‘rinmaydigandek. Yillar davomida lotin va kirill alifbosi orasida sarson avlod shakllangani-chi! Biz orzumizga — shaffof, o‘qituvchilari bilimli, rahbarlari adolatli, maktablari o‘qishga yaroqli, darsliklari bolani ijodiy fikrlashga undaydigan, o‘quvchiga haqiqiy bilimni beradigan maktab ta’limi tizimiga qachon yetamiz? «Gazeta.uz» savollarga javobni ta’lim eksperti, mas’ul xodim va o‘qituvchidan eshitishga qaror qildi.

Komil Jalilov,
Ta’lim bo‘yicha ekspert

комiл жалiлов, maktab, моҳiра эшпўлатоva, ta’lim tizimi, эркiн мuродов

— Ta’lim tizimi nimadan iborat? Umuman, har qanday tizim turli institutlarning bir-biri bilan chambarchas ishlashi, to‘g‘rimi? Ta’lim tizimi haqida suhbatlashayotgan bo‘lsak, demak, bunga eng avval ta’lim vaziriligi, undan keyin bevosita mas’ul tashkilotlar, ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalar kiradi va bularning hammasi katta bir tizimni tashkil qiladi. Bundan tashqari, pedagoglarni yetkazib beradigan oliy ta’lim muassasalari, ularning malakasini oshiradigan institutlar — bu katta tizim va bir-biri bilan uzviy aloqada ishlashini ta’minlash uchun vaqt ketadi. Ta’lim tizimining boshqa tizimlardan farqi, siz uning mazmunini yo‘lga qo‘yishingiz uchun vaqt ketadi. Masalan, tashqi atributlar, ya’ni yuqorida aytganim institutlar faoliyatini nisbatan tez yo‘lga qo‘yib olishingiz mumkin, lekin mazmun — ta’limning yuragi. Mana shu mazmunni to‘liq joriy etishga bir avlodning umri kerak bo‘ladi.

Erkin Murodov,
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i

комiл жалiлов, maktab, моҳiра эшпўлатоva, ta’lim tizimi, эркiн мuродов

— Bolaning ta’lim olish davridagi eng ko‘p vaqti maktabda o‘tadi. Hayotga moslashishi, dunyoqarashi shakllanishida ham maktabning o‘rni beqiyos. Ma’lum kasbga ega bo‘lishi, hayotga tayyor bo‘lishi shart. Bugun maktablar qay darajada shu talablarga javob beradi degan haqli savol tug‘iladi.

Komil Jalilov: — Xelsinkining qoq markazidagi maktab bilan Finlyandiyaning chet bir hududidagi maktabda ta’lim sifati bir xil. Bizda-chi, hatto poytaxtdagi maktablar o‘rtasida tafovut bor. Prezident, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratilayotgan mablag‘, ular uchun yaratilgan sharoit oddiy maktablarnikidan farq qiladi. Finlyandiya ta’lim muvaffaqiyatini ta’minlagan birinchi omilni o‘zimiz buzganmiz. Endi o‘ylab ko‘ring, tajribasini o‘rganayotgan, joriy etayotgan maktabning omilini buzsak, qanday qilib o‘zimiz xohlagan tizimni yaratamiz?! Buning imkoni bormikan? Tenglik, kuchli o‘qituvchilar tayyorlash tizimi, maktablar avtonomiyasi — Finlyandiya ta’lim tizimini yuksaltirgan sabablardir.

Erkin Murodov: — Qishloq maktabi bunday bo‘lishi kerak, shaharniki bunday bo‘lsin degan qoida yo‘q. Hammasi teng — baravar. Toshkent maktabida dars o‘tgan o‘qituvchiga ham belgilangan maoshi to‘lanadi, qishloqdagi o‘qituvchiga ham. 45 daqiqa darsini o‘tgan har bir o‘qituvchiga, u qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar belgilangan haq beriladi. Hatto ayrim joylarda, olis hududlardagi o‘qituvchilarga ustamalar to‘lanadi. Namunali loyihalar asosida qurilgan maktablar borasida ham xuddi shu tamoyil bor — bari bir xil.

Mohira Eshpo‘latova,
«Salam International School» xususiy maktabi o‘qituvchisi

комiл жалiлов, maktab, моҳiра эшпўлатоva, ta’lim tizimi, эркiн мuродов

— Men shahar maktabida ham, qishloqnikida ham ishlaganman. Ikkisining o‘rtasida farq juda-juda katta — yer bilan osmoncha. Ular o‘rtasidagi tafovutni ham bemalol ayta olaman.

Komil Jalilov: — Bir tizimni yaratib oldik-da, bir bosqichga kelganda undan voz kechdik. Har qanday sohada qaror qabul qilayotganda ilmiy natijalarga ham suyanish kerak-da. Ya’ni ta’lim asosini ham juda ko‘p olimlar o‘rgangan — o‘zimizda ham, chetda ham. Qandaydir muhim qarorlarga kelishdan avval uni tahlil qilish shart. Mana, 12 yillik ta’lim tizimidan hech qanday asossiz voz kechdik. Burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqdik. Ayrim noxush holatlardan keyin kollej, litsey tizimini yopdik-da, 11 yillik ta’limga qaytdik. Sal o‘tib, 11 yillik ta’limga moslab milliy dastur yaratamiz dedik. Ekspertlarni jalb qildik, mablag‘, kuch, vaqt sarfladik. Bunda katta jamoa ishladi. Endi shu dasturning ham taqdiri muallaq turibdi. Hech kim, na mas’ul idora, na mutasaddilar indamayapti. Rejalashtirishimiz juda kichkina gorizontda. Ta’lim tizimida qarmoqni uzoqroqqa tashlash kerak, uzoqni ko‘zlash muhim. Bunda natijani ko‘rish uchun vaqt kerak. Natijani tushunish, ko‘rish uchun tadqiqotlar, xalqaro tadqiqot, dasturlarda qatnashish kerak. Har 2−3 yilda qaror, yo‘nalishlarni o‘zgartiryapmiz-da, o‘rtada o‘qituvchi, o‘quvchi sarson bo‘lyapti.

Mohira Eshpo‘latova: — Qaniydi, siz bilim berayotgan sohangiz bo‘yicha ortiqcha qog‘ozbozlik, bosim bo‘lmasa! Hamma uchun bitta ish rejasi taqsimlansayu, boshqa ishingizga aralashishmasa! Qo‘lingizdagi bitta bo‘r, doskangiz bilan ham bilimli o‘qituvchi darsini o‘ta oladi. O‘qituvchida ishtiyoq, bilim va xohish, o‘quvchida ilm olishga muhabbat bo‘lsin — shuning o‘zi yetadi.

Erkin Murodov: — Tizimda besh yuz mingdan ortiq o‘qituvchi bor. To‘g‘ri, hammasi baravar, teng deb aytolmayman. Siz aytgandek, darsini nomiga o‘tib, chiqib ketayotgan o‘qituvchilar bordir. Lekin bugungi o‘quvchi bunga rozi bo‘lmayapti. O‘qituvchining dunyoqarashi o‘zgarsa, mas’uliyati ham oshadi.

Mohira Eshpo‘latova: Tadbirbozlikni deb juda ko‘p vaqtimizni yo‘qotyapmiz. Afsuski, tadbirlarimiz ham juda ko‘p. Bu «an’ana»ni yo‘qotishimiz shart. Kimningdir ming, yuz yilligini qilmaylik, aksincha, tavalludi nishonlanayotgan ota-bobomizning ilmini o‘rgataylik. Tadbirbozlikni yig‘ishtiraylik. Nimaga kerak ortiqcha harakat? Mening iyedalimdagi maktabda ertaklar aytilmaydi, fan o‘qitiladi.

Komil Jalilov: Umumiy maqsadni belgilab olishimiz kerak. Ilg‘or xorijiy tajriba demasdan turib, umumiy maqsadimiz nima deyishimiz shart. Maqsad oddiy bo‘lmasligi kerak. O‘quvchini o‘zgarayotgan dunyoda o‘rnini topishiga tayyorlaydigan, «yumshoq ko‘nikmalar»ga ega, o‘ziga kerak bo‘lgan sohalarda muvaffaqiyat qozonadigan maqsadlardan iborat bo‘lishi muhim. Keyin buni tahlil qilish va qadamlarni belgilab olish zarur. Nazarimda, chiroyli, jimjimador qarorlar chiqarishni yig‘ishtirishimiz kerak. Kimdir shunday taklif bilan chiqdimi, uning ilmiy asosini so‘rash shart.

Сuҳбатning to‘liq shaklini «Gazeta.uz»ning YouTube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.