O‘zbekiston prezidenti «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi, deya xabar qildi Musulmonlar idorasi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, 2023 yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 23 mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma’lumotlarga tayangan holda 2023 yilda Ramazon oyining birinchi kuni shu yil 23 mart, payshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.

Hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.