Jizzax viloyat prokuraturasi yo‘l-patrul xizmati xodimlari haqida hajviy videolar tayyorlagan ikki nafar vayner 15 va 10 sutkaga qamalgani haqidagi xabarlar o‘rganilganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudining 13 martdagi qaroriga ko‘ra, fuqaro U. O‘. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 209−1-moddasi (Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish), fuqaro D. U ushbu kodeksning 183-moddasi bilan huquqbuzar deb topilib, ularga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sud qarori noqonuniy bo‘lganligi sababli, G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan uni bekor qilish yuzasidan apellyatsiya tartibida protest keltirildi, deyiladi xabarda.

Protestga asosan ma’muriy ish 18 mart kuni Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, U. O‘ va boshalarning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari mavjud emas deb topildi. U. O‘ va D. U. sud zalidan qamoqdan chiqarilgan holda ularning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan.