Sirdaryoda Toshkentga olib kelinayotgan 2950 kg yirik shoxli iste’molga yaroqsiz mol go‘shti aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan IIB, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Isuzu yuk avtotransport vositasida fuqaro Sh. X. hech qanday hujjatsiz jami 2950 kg yirik shoxli mol go‘shtini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotgani aniqlangan va iste’molga yaroqsiz go‘shtlar dalillar sifatida olingan.

Holat yuzasidan jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkaziladi.