17 mart kuni Buxoro viloyati sudida Nukus voqealari bo‘yicha yana 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qildi. Ularning orasida jurnalist, «Ishonch» gazetasi va O‘zAning sobiq muxbiri Yesimkan Qanaatov ham bor, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Sud unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Qanaatovning 2022 yil 7 iyul kunidan boshlab 17 martga qadar — qamoqda o‘tirgan 8 oy 10 kuni jazoga kiritildi va uzil-kesil o‘tash 4 yil 3 oy muddat belgilandi.

есимкан қанаатов, нuкuс voqealari

Yesimkan Qanaatov (chapdan birinchi). Foto: Oliy sud matbuot xizmati.

Shunga ko‘ra, shu zahotiyoq sud zalidan ozod qilindi. Shu bilan birga, uning kechki soat 21:00 dan ertalabki 06:00 gacha uydan tashqariga chiqishi cheklandi. Bundan tashqari ommaviy va boshqa tadbirlarda qatnashmaslik, ruxsatsiz yashash manziligini o‘zgartirmaslik va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan chiqmaslik cheklovlari o‘rnatildi, qolaversa, keltirilgan zararni qoplash muddati belgilanadi.

Sud majlisidan so‘ng u jurnalistlarga intervyu berdi.

«Sud meni jazoyimni ozodlikni cheklashga o‘zgartirdi. Sud odil bo‘lib o‘tdi, men bundan xursandman va chin ko‘ngildan minnatdorman. Men o‘z aybimga to‘liq iqrorman va ayb ishlar qilganimni bilaman. Mening bu aybni qilishimga 1−2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizlikka boshlab chiqqan Dauletmurat Tajimuratovning yolg‘on agitatsiyalariga aldanganim sabab bo‘ldi. Men barcha xatolarimni tan oldim va xatolarimni tushunib yetdim», — dedi Yesimkan Qanaatov.

«Xalqimizdan internetdagi va boshqa ommaviy axborot vositalaridagi provokatsion oqimlarga ergashib ketmaslikni so‘rab qolgan bo‘lardim. Tergov uzoq vaqt bo‘lganligiga qaramasdan sudya odil hukm chiqardi», — deya so‘zini yakunladi u.

Avvalroq Nukus voqealarida qatnashganlikda gumonlangan yana 39 nafar shaxsning 28 nafariga 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi tayinlangani, qolgan 11 nafari esa sud zalidan shartli ravishda ozod qilingani haqida yozgandik.

Bunga qadar, 31 yanvar kuni Nukusdagi iyul voqealarini sodir etganlikda ayblangan 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan ham sud hukmi o‘qilgandi. O‘shanda ishning asosiy figurantlari Dauletmurat Tajimuratovga 16 yil, Lolagul Kallixanovaga esa shartli ravishda ozodlikni cheklash jazosi berilgandi.