Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligi reytingini e’lon qildi.

Reyting baholash natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilgan. Baholash natijalariga ko‘ra, 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholangan.

Xususan, 12 ta tashkilot faoliyati samaradorligi «yaxshi» — (81−100 ball), 30 ta tashkilot «qoniqarli» — (55−80 ball) va 20 ta tashkilot «qoniqarsiz» — (55 balldan past) toifalarga ajratilgan. Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xo‘jaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan.

korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, рейтинг
Infografika: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

«Rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy tashabbusi yetarli emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha e’tibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘lgan», — deyiladi hisobotda.

Baholash natijalariga ko‘ra, «qoniqarli» deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatilgan. Shu bilan birga, ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha samarali tizim yaratilmagan.

Baholash yakunlari bo‘yicha:

  • «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi
  • «qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi
  • «qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

«Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga, sohada sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish imkonini berdi», — deyiladi xabarda.