13 mart kuni O‘zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi «Termiz» dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining brigada taktik o‘quvini kuzatdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qurolli kuchlar qo‘shin turlarining qo‘llanilish taktikasi va strategiyasi takomillashtirilgan. Bo‘linmalarning hamkorligini tashkil etish, jangovar harakatlar va operatsiyalarni uchuvchisiz uchish apparatlari, aviatsiya va artilleriya imkoniyatlaridan kengroq foydalangan holda olib borishning zamonaviy tajribasi amaliyotga joriy etilgan.

Xususan, bu jarayon guruh, vzvod va brigada taktik o‘quvlarida topshiriqlarni bajarish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, bo‘linmalarni evakuatsiya qilish kabi mashqlarda o‘z aksini topmoqda.

Ushbu mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazildi, deyiladi xabarda.

Prezident dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada mustahkamlash, «xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini» ta’kidladi.

Davlat rahbari qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.