Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda insonlarning hayot sikli davomida iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarish xususiyatlari hamda qarz munosabatlariga kirishish holatini tahlil qildi.

Barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasiga ko‘ra, ratsional insonlar daromadi past bo‘lgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada iste’molni ta’minlash (ta’lim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun (ota-ona, davlat va jamiyatdan) muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland bo‘lgan o‘rta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamg‘aradi, keksa yoshida esa qolgan jamg‘armalarini iste’mol qiladi.

O‘zbekistonda ham barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi; unga ko‘ra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30−50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zaruratini mavjudligini bildiradi.

yosh oilalar, кредит, пмти, qarz

Foto: PMTI

O‘zbekistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov (450 kishi) natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi) mos keladi.

Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olgani ma’lum bo‘ldi. Qolgan 34% respondentlar qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan, 18% respondentlarda o‘z jamg‘armalari mavjud.

So‘rovnoma natijalari bo‘yicha aholining 10 foizi muddatli tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlari mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori ekspertlar tomonidan o‘rganildi.

Bunda eng ommabop 13 ta internet do‘konlaridagi talab yuqori bo‘lgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar muddatli to‘lov narxlari tahlil qilindi.

Ma’lumot uchun, Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2022 yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner to‘g‘ri kelgan.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, tanlangan bir xil rusumdagi telefon narxi o‘rtacha 4,8 mln so‘m, muzlatgich 8,1 mln so‘m, televizor 6,8 mln so‘m va konditsioner 6,1 mln so‘mdan sotilayotgani aniqlandi.

Aynan mazkur tovarlar do‘konlar tomonidan 12 oyga muddatli to‘lov orqali yillik stavkasi o‘rtacha 70 foizdan 77 foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Shu bilan birga solishtirish uchun, hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan iste’mol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda.

«Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz to‘lovlari o‘rtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida ma’lumotlarning notekis taqsimlanganligi (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada yaxshilash buyicha tadbirlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli to‘lov bozoridan ko‘proq foydalangan bo‘lishi mumkin», — deyiladi PMTI tahlilida.