Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent, Jizzax va Andijon viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqladi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan ferma rahbari, uning otasi va Qibray tumanidagi mahallalardan birining raisi fermaga tegishli 270 gektar va unga tutash bo‘lgan tuman hokimligi zaxirasidagi 150 gektarni, jami 420 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni bildirgani, buning evaziga 700 ming dollar talab qilgani aytilmoqda.

DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tezkor tadbirda ularni so‘ralgan puldan 100 ming dollarni oldindan olayotgan vaqtida ushlagan.

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan ferma rahbari esa tumandagi boshqa 2 ta MCHJga qarashli 50 gektar yer maydoni o‘ziga tegishli ekanini aytib, xaridorga 60 ming dollarga sotishni rejalashtirgan.

Shuningdek, ushbu 50 gektar yerdan 30 sotixini viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi yordamida noturar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga qo‘shimcha 4 ming dollar so‘ragan.

DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tezkor tadbirda ferma rahbari hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi xaridordan 64 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 144 kvadrat metr bo‘sh yer maydoni o‘ziga tegishli ekani, kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni aytgan. Buning evaziga 38 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.