Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda viloyatdagi xonadonlarning birida itlar so‘yilgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

4 mart kuni «Mehr va oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga Ahmad Yassaviy kolxozida joylashgan uylarning birida itlar shafqatsizlarcha o‘ldirilayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan. Jamiyat volontyorlar IIB xodimlari bilan uyga borgan hamda hovlida qon va o‘nlab it terilarini ko‘rgan.

Xususan, ular 35 ta it va 9 ta kuchukni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. 10 ta it «Kavcheg» boshpanasiga, qolganlari esa «Mehr» markaziga olib ketilgan.

Yuqori Chirchiq tumani IIBning aniqlashicha, Ahmad Yassaviy mahallasida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro V.X. o‘zining yashash xonadonida 25 dona itni sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlagan va ularni so‘yib kelgan.

Hozirda tuman IIB va Veterinariya bo‘limi hamkorligida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. So‘yilgan itlarning soni va ushbu fuqaroning itlarni so‘yishdan ko‘zlagan maqsadlariga oydinlik kiritish jarayoni ketmoqda.

Surishtiruvlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.