Rossiyada 5 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ukrainada vafot etdi. Uning jasadi 30 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi yaqinlariga topshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.

Marhumning onasi o‘g‘lining ismi Faxriddin ekanini ma’lum qildi. Ota-ona ajrashgani sababli u yoshlikdanoq ishga chiqqan. Uning qo‘lidan ko‘p ish kelgan, payvandchi bo‘lib ishlagan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, daromadi ham yaxshi bo‘lgan.

Ancha yillar oldin do‘stlarining taklifiga ko‘ra u Moskvaga ishlash uchun ketgan. Vaqti-vaqti bilan uyga kelib turgan. 2008 yilda uylangan, bir nafar qiz farzand ko‘rgan. Qizi bir yoshga to‘lganda Faxriddin farzandini buvisi qaramog‘iga tashlab, xotini bilan Rossiyaga ishlashga ketgan.

Keyinroq Faxriddinning buyragi og‘rib, ular O‘zbekistonga qaytgan. 2019 yilda u yana Moskvaga ketgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan uy ta’miri uchun pul jo‘natib turgan.

O‘sha yilning dekabr oyida boshqa chet ellik ishchilar bilan mojaro tufayli u 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qarindoshlariga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turgan, lekin 2022 yil oxirida ular bilan aloqa uzilib, ikki-uch oy davomida daragi bo‘lmagan. Yanvar oyida ularga Faxriddin vafot etgani haqida xabar berishgan.

Uning singlisi ham turmush o‘rtog‘i bilan Rossiyada ishlaydi, u akasi Ukrainaga ketishi haqida xabar berganini aytdi. Akasi bir-ikki oy davomida shartnoma asosida ishlashga ketishini aytgan va bu haqda onasiga aytmaslikni so‘ragan. Mart oyida O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan. Ukrainaga o‘z ixtiyori bilan yuborilganmi yoki majburlov ostidami — yaqinlari bu haqda bilmaydi.

Faxriddinning tanishlarining aytishicha, u ishlayotgan joyga snaryad kelib tushgan. Ukasining aytishicha, og‘ir jarohat olib, tanib bo‘lmas holga kelib qolgan. U akasini faqat boshining orqa qismidagi chandiqdan tanib olganini bildirdi.