Toshkent shahrida 2003 yilda tug‘ilgan talaba qiz ijtimoiy tarmoqlarda ayollarning tashqi ko‘rinishini tanqid qilgani uchun 15 mln so‘m jarimaga tortildi. Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, u o‘z munosabatini shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda xorijiy saytlarning biridan olingan materiallar asosida bildirgan.

Mazkur shaxsning fevral oyida burqa kiyib, «Ayollar, ehtiyot bo‘ling» nomi ostida joylagan videolavhasi tarmoqlarda keng tarqaldi. Unda ayollarning tashqi ko‘rinishi tanqidga olingan.

«Ochiq-sochiq kiyib yurgan va avratlarini nomahram erkaklarga ko‘rsatib yurgan ayol va qizlarimizga eslatma! Ibn Boz Rahimulloh deydilar: Ochiq-sochiq kiyib yurgan va avratlarini nomahram erkaklarga ko‘rsatib yurgan ayolning libosi Allohning unga qilgan g‘azabidan nishonadir, shuning uchun Alloh taolo odam va havoga g‘azab qilgan paytida ularning libosini yechdi va ularning avratlarini o‘zlariga ko‘rsatib qo‘ydi», — deya ta’kidlagan u.

Ushbu holatni IIV o‘rganib chiqdi va 2023 yil 2 mart kuni Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etdi. Suhbat davomida aniqlanishicha, fuqaro hozirgi kunda uy sharoitida videolavhada ko‘rsatilgan ayollar liboslarini (burqa) tikish va sotish bilan shug‘ullanadi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.

«Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga asosan, jins bo‘yicha bilvosita kamsitish, ya’ni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga binoan, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingach tayyorlanadi.

Ushbu qonunning 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda jamoat tartibiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan.

Shu sababli qizga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari (15 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.