Oliy Majlisda senatorlar soni 100 tadan 65 taga qisqartirilishi mumkin. Bu haqda 9 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokamasi vaqtida Oliy majlisning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytiriladi hamda prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkaziladi.

Jumladan, yangilanayotan Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, Monopoliyaga qarshi organ va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senat bilan maslahatlashilgandan keyin prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini kiritish taklifi kiritilmoqda.

«Ushbu yo‘nalishdagi yana bir konseptual o‘zgarishlardan biri bu ma’muriy islohotlardan kelib chiqib Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyat samaradorligini oshirishdir. Shu maqsadda senatorlar soni amaldagi 100 tadan 65 taga o‘zgarmoqda. Bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi saqlanib qolinmoqda», — deydi Shirinov.

Bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilayotgani aytib o‘tildi.

Qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga yuborilishi nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda.

Senat a’zolarining sonini belgilovchi yangi normalar 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Senat shakllantirilishi paytidan e’tiboran amalga kiritilishi nazarda tutilmoqda.