2023-yilning dastlabki 2 oyida chet elda moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan 462 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qariyb 57 ming dollar miqdorida yordam ko‘rsatildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

O‘tgan 2 oy davomida:

  • 32 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi.
  • 794 nafar fuqaroga chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi.

Ko‘rsatilgan yordam miqdori xalqaro tashkilotlar, xayriya jamg‘armalari, yuridik va jismoniy shaxslar, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining beg‘araz yordamlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlar, tabiiy ofatlar, murakkab epidemiologik holatlar va texnogen hodisalar oqibatida zarar ko‘rgan 10 mingga yaqin fuqaroga 108 ming dollardan ziyod ko‘mak ko‘rsatildi.

Bunda yordamning katta qismi Turkiyada ro‘y bergan zilzila oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarga yo‘naltirildi.

Chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, xususan, odam savdosi qurboni bo‘lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi fuqarolardan 229 nafari vatanga qaytarildi.