8-mart kuni jurnalist va shoir Akmal Toshev 37 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati.

Marhum shu kungacha “Inson va qonun” gazetasi hamda “Huquq va burch” jurnali birlashgan tahririyatida bosh mutahassis vazifasida ishlab kelayotgandi.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, jurnalist vafoti yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmokda. Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Akmal Toshevning o‘limi “yurak tamponadasi, o‘pka arteriyasi anevrizmasining yorilishi, yurak tug‘ma nuqsoni, yurak bo‘lmachalari defekti”dan kelib chiqqan.

Akmal Toshev 1985-yil 6-aprelda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqtosh qishlog‘ida tug‘ilgan. U badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Qator markaziy gazeta va jurnallarda she’rlari chop etilgan.

“Mohiyat lahzalari” (2008), “Farishtali kunlar” (2011) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari “Qashqadaryo bayozi” (2007), “Yoshlar kitobi” (2008) hamda “Oltin ko‘prik"(2010) almanaxlariga kiritilgan.