Vnukovo xalqaro aeroportida Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot bortida janjal kelib chiqqani, ayrim yo‘lovchilarga tibbiy yordam zarur bo‘lgani haqida Telegram`dagi Baza kanalida xabar berilgandi. Uzbekistan Airways axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan xabarlarda samolyot qo‘nganidan keyin 210 nafar yo‘lovchi 4 soat davomida aeroportda qolib ketgani aytilgan.

«Toshkentdan kelayotgan 601-reys Domodedovoga qo‘nishi kerak edi. Biroq aeroport bo‘ylab 2 marta aylanib, Vnukovoga yo‘naltirildi. Ob-havo yomonligi rasmiy sabab sifatida keltirildi. Aeroport negadir odamlarni tashish uchun avtobus ajratishdan bosh tortdi. Bir necha soatdan keyin bortda janjal boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollardan birining tobi ham qochgan», — deyiladi Baza xabarida.

Rasmiy munosabat

Uzbekistan Airways`ning ma’lum qilishicha, 7 mart kuni HY-601 Toshkent — Moskva yo‘nalishidagi aviaqatnov havo kemasi Domodedovo aeroportining ob-havo sharoiti (uchish-qo‘nish yo‘lagining holati xavfsiz qo‘nishni amalga oshirish uchun zarur talablarga javob bermagani) sababli Vnukovo xalqaro aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan.

Havo kemasi komandiri yo‘lovchilarga yo‘nalish Vnukovo muqobil aeroportiga o‘zgargani haqida ma’lumot bergan. Ob-havo yaxshilangani va havo kemasi Domodedovo xalqaro aeroportiga uchib ketishga tayyor bo‘lganidan so‘ng ekipaj parvozga tayyorligini e’lon qilgan.

Ammo havo kemasi bortida ayol o‘zini yomon his qila boshlagan, ekipaj shifokorlarni chaqirishga majbur bo‘lgan, bu esa uchib ketish vaqtining kechikishiga ta’sir qilgan. Shu paytda Domodedovo xalqaro aeroportidagi ob-havo yana keskin yomonlashib, bu iikinchi marta kechikishga olib kelgan.

Keyinchalik havo kemasidagi barcha — 210 yo‘lovchini Vnukovo xalqaro aeroportiga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.