Toshkent shahrida Rossiyaning «Byulleten kinoprokatchika» jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayevning jasadi topildi. Bu haqda jurnalning Telegram`dagi kanalida xabar berildi.

«„Byulleten kinoprokatchika“ bosh muharriri Aleksandr Nechayevning kutilmagan o‘limini cheksiz qayg‘u bilan ma’lum qilamiz. Sasha o‘tkir zehnli, ochiqko‘ngil, professional va iste’dodli odam edi. Biz nafaqat hamkasbimizni, balki xotiramizda abadiy qoladigan yaqin do‘stimizni ham yo‘qotdik», — deyiladi xabarda.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, o‘lim sabablari hozircha noma’lum. Nechayevning hamkasbi va do‘sti Denis Korsakov jurnalist bir necha oyga ketgan Toshkentdagi kvartirasida o‘lik holda topilganini ma’lum qildi. U Nechayev bilan oxirgi marta 4 mart kuni gaplashgan. Aytishicha, marhum jurnalist aprel oyida Moskvaga qaytishi rejalashtirilgan edi.

Ma’lumot uchun, Nechayev 1986 yil 12 mayda Saratov viloyati Marks shahrida tug‘ilgan.